"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida xalqaro hamkorlik sari muhim qadam

13.05.2026

#Xalqaro hamkorlik

Joriy yilning 13-may kuni "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida Quaid-i-Azam Universityning nufuzli olimlari — akademik Professor Dr. Mushtaq Ahmad hamda professor Dr. Shazia Sultana bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda O‘quv ishlari bo‘yicha universitet prorektori professor Baxtiyor Xudayarov, Tuproqshunoslik kafedrasi mudiri Obid Haqberdiyev, Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Sherzod Rahmonov hamda Ingliz tili kafedrasi dotsenti Go‘zal Eshchanova ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida universitet prorektori professor Baxtiyor Xudayarov tomonidan universitet faoliyati, xalqaro aloqalar, ilmiy salohiyat hamda talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida taqdimot namoyish etildi.

Shundan so‘ng ikki davlat va ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish, memorandum imzolash, professor-o‘qituvchilar va magistrantlar uchun xalqaro ma’ruzalar tashkil etish, shuningdek talabalarni stajirovka va akademik almashinuv dasturlariga yuborish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, Quaid-i-Azam University dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, QS World University Rankings reytingida 354-o‘rin, Times Higher Education reytingida esa 401-o‘rinni egallaydi.

Akademik Professor Dr. Mushtaq Ahmad bugungi kunda Quaid-i-Azam University Botanical Garden and Herbarium (ISL) direktori sifatida faoliyat yuritmoqda. U dunyoda dorivor o‘simliklar, an’anaviy Xitoy tibbiyoti, agrobiologiya, bioxilma-xillik va iqlim o‘zgarishining ekotizimga ta’siri yo‘nalishlarida tanilgan yetakchi olimlardan biridir.

Olim TWAS-UNESCO, PIFI-CAS va PAS fellowi bo‘lib, Xitoy va O‘zbekistonda faxriy professor unvoniga ega. Professorning 1000 ga yaqin ilmiy maqolalari, 60 dan ortiq xalqaro kitob va boblari mavjud. Uning ilmiy ishlari 24 mingdan ortiq iqtibosga ega bo‘lib, H-indeksi 80 ni tashkil etadi.

Professor Mushtaq Ahmad shu kungacha 47 nafar PhD va postdoktorant, 180 dan ortiq magistr va tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilgan. U “Tamgha-e-Imtiaz”, “High Foreign Talent Award”, “International Scientist Award” kabi ko‘plab xalqaro mukofotlar sovrindori hisoblanadi.

Professor Dr. Shazia Sultana esa agro-bioxilma-xillik, bioenergetika va ekologiya yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan xalqaro darajadagi olima bo‘lib, uning ilmiy ishlari dunyo miqyosida katta e’tirofga sazovor bo‘lgan. Olimaning ilmiy H-indeksi 61 ni tashkil etadi hamda u dunyoning Top 1% eng nufuzli olimalari qatoridan joy olgan.

Shuningdek, mehmonlar universitetning A korpusida joylashgan Biologiya kafedrasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, laboratoriyalar, ilmiy tadqiqot ishlari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadilar.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi hamda kelgusida ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy, akademik va innovatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.