“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qashqadaryo viloyatida suv resurslarini boshqarish va ekin maydonlariga suvni me’yoriy taqsimlash tizimi bo‘yicha amaliy o‘rganish ishlari olib borildi.

13.05.2026

#Rektordan #Yangilik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ-122-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qashqadaryo viloyatida suv resurslarini boshqarish va ekin maydonlariga suvni me’yoriy taqsimlash tizimi bo‘yicha amaliy o‘rganish ishlari olib borildi.

Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining Suv resurslari, gidrometriya va dispetcherlik xizmatida o‘tkazilgan tahlillar davomida iste’molchilarga suv yetkazib berish, suv taqsimoti va hisobini yuritish jarayonidagi mavjud muammolar muhokama qilindi.

Mutaxassislar ishtirokida suv manbaidan magistral, xo‘jaliklararo va xo‘jalik kanallari orqali yetkazib kelinayotgan suvni fermer va klasterlar o‘rtasida adolatli hamda me’yoriy taqsimlash tizimi tahlil etildi.

Shuningdek, Qarshi bosh kanalining PK-694 qismida joylashgan R-16 tarmoq kanali ekspluatatsiyasi o‘rganilib, suv o‘tkazish qobiliyati 5 m³/s bo‘lgan mazkur tarmoq orqali 2310 gektar maydonni sug‘orish jarayoni tahlil qilindi.

Olib borilgan ilmiy-tahliliy o‘rganishlar natijasida:

— suv taqsimoti va suv solig‘i hisobini to‘liq elektron tizimga o‘tkazish;

— viloyat uchun ilmiy asoslangan gidromodul yaratish;

— tomchilatib va diskret-pulsar sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish;

— mirob va suvchilarning malakasini oshirish hamda ularni moddiy rag‘batlantirish kabi muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur ishlar suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish hamda zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etishga xizmat qiladi.