Ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish maqsadida Chirchiq–Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga tashrif buyurishdi.
13.05.2026
“TIQXMMI” Milliy
tadqiqot universiteti Gidromelioratsiya fakultetining 3-bosqich talabalari ishlab
chiqarish amaliyotini tashkil etish maqsadida Chirchiq–Ohangaron irrigatsiya
tizimlari havza boshqarmasiga tashrif buyurishdi. Jami 33 nafar talaba amaliyot
jarayonlari bilan tanishtirildi.
Tashrif davomida
dual ta’lim tizimini samarali tashkil etish, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar
bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi. Boshqarma boshliq o‘rinbosari
L.Shamsudinov, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy
maslahatchisi L.Samiev hamda amaliyot rahbarlari B.Norov, D.Abduraimova va bosh
mutaxassislar tomonidan talabalarga sohadagi amaliy jarayonlar bo‘yicha batafsil
tushuntirishlar berildi.

Uchrashuvda Chirchiq–Ohangaron irrigatsiya tizimida suv resurslarini boshqarish, kanallar ekspluatatsiyasi hamda meliorativ tizimlar faoliyati bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, amaliyot davrida har bir talaba uchun mas’ul xodim biriktirilishi va ular bilan birgalikda individual amaliy reja ishlab chiqilishi belgilab olindi.

Davra suhbati yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Mazkur tashrif dual ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda sohada malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.