“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qashqadaryo viloyatida ilmiy-amaliy o‘rganish ishlari olib borildi.
11.05.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi PQ-122-sonli qarorining II bob 4-5 bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qashqadaryo viloyatida ilmiy-amaliy o‘rganish ishlari olib borildi.
Tashrif doirasida Qamashi va Qalqama suv omborlari, Mirishkor magistral kanali hamda Qarshi bosh kanali tizimiga qarashli M-3 kanalidagi mavjud gidrotexnik va ekspluatatsion muammolar joyiga chiqqan holda tahlil qilindi.
O‘rganishlar jarayonida suv omborlari va kanallarda filtratsiya, loyqa-cho‘kindilar to‘planishi, suv yo‘qotilishi, nasos qurilmalarining samaradorligi hamda irrigatsiya tizimlarining texnik holati bo‘yicha ilmiy-tahliliy xulosalar shakllantirildi.

Mutaxassislar tomonidan:
— Qalqama suv ombori qurilishining ikkinchi bosqichini davom ettirish;
— Mirishkor magistral kanalini qayta loyihalash va betonlash;
— M-3 kanalida sun’iy ko‘l (otstoynik) tashkil etish;
— suv omborlari xavfsizligini ta’minlash va ekspluatatsiya tizimini takomillashtirish kabi qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur o‘rganishlar suv resurslaridan samarali foydalanish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda hududlarda ekologik va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.