Yoshlar bilan ochiq muloqot: soha kelajagi va istiqbolli kadrlar masalalari muhokama qilindi

08.05.2026

#Rektordan #Ta`lim

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy bilim va kasb egallashga zarur shart-sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ham tizimda mehnat qilayotgan yoshlar, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalariga keng jalb etish maqsadida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandisligi instituti” Milliy tadqiqot universitetida talaba, magistr, doktorant hamda yosh olimlar ishtirokida Yoshlar kuni tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Agentlik direktori Akmal Jumanazarov ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida texnik jihatdan tartibga solish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi yangiliklar va erishilayotgan natijalar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, kelajakda metrolog, standartchi va sifat menejeri sifatida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan yoshlar uchun ta’lim jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar xususida fikr almashildi.

Muloqot jarayonida sohaga oid xalqaro tashkilotlar faoliyatini o‘rganish, ta’lim sifati, bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xorijiy tillarni o‘rganish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, talaba-yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida savol-javob jarayonida faol ishtirok etgan talabalar Agentlik direktori tomonidan munosib taqdirlandi.