Sirdaryo viloyatida agrar sohani innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy seminar va ko‘rgazmali tadbir o‘tkazildi.
08.05.2026
Sirdaryo viloyati hokimligi hamda “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimliklari mas’ullari, klasterlar, suv xo‘jaligi tizimi va agrosanoat sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Seminar davomida qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi. Qatnashchilarga dron xizmatlari, melioratsiya mobil laboratoriyasi, energiya tejovchi texnologiyalar, bioo‘g‘itlardan samarali foydalanish usullari hamda tuproq namligini kuzatuvchi sensor tizimlari namoyish etildi.


Ayniqsa, innovatsion ishlanmalarning amaliy ko‘rinishda taqdim qilinishi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar tomonidan zamonaviy texnologiyalarning afzalliklari va ularning qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir doirasida Sirdaryo viloyati hokimi hamda universitet rektori o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv ilmiy ishlanmalarni hududlarda keng joriy etish, innovatsion loyihalarni amaliyotga tatbiq qilish va sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.