Ajdodlar xotirasi – abadiy mangu: 9-may- Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir

07.05.2026

#Ma`naviyat

Joriy yilning 7 may sanasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida barpo qilingan Abdulla Oripov bog’ida 9-may- Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Ajdodlar xotirasi – abadiy mangu” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir “Iqtisodiyot” fakultetining 144, 146 va 147-guruh talabalari ishtirokida tashkil etildi. Tadbir universitetning Iqtisodiyot fakulteti dotsenti Go‘zal Eshchanova hamda “Yer resurslarini boshqarish va kadastr” fakulteti dotsenti  Zulfiya Xafizova hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan tantanali ravishda boshlandi.

Tadbir davomida universitetimizda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan, ilm-fan va yoshlar tarbiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan  “Yer resurslarini boshqarish va kadastr” fakulteti ustozlarning 9-may - Xotira va qadrlash kuni haqidagi samimiy fikrlari tinglandi. Shuningdek, universitet ravnaqiga xizmat qilgan, bugun oramizda bo‘lmagan ustozlar xotirasi chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etildi.

Abdulla Oripov bog‘ida ushbu tadbirning tashkil etilishi o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etdi. Abdulla Oripov ijodida Vatanga muhabbat, inson qadri, xotira va sadoqat tuyg‘ulari alohida o‘rin tutadi. Shu bois ushbu maskanda tashkil etilgan tadbir she’riyat, ma’naviyat va vatanparvarlik uyg‘unlashgan go‘zal muhitni yaratdi.

Ta’kidlanganidek, universitet hududidagi Abdulla Oripov bog‘i nafaqat bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, balki she’riy kechalar, badiiy uchrashuvlar, talabalar savodxonligini oshiruvchi ma’rifiy loyihalar va ijodiy tadbirlar o‘tkaziladigan maskanga aylanishi lozim.

Tadbir dasturi mazmunan boy va ta’sirchan chiqishlarga boy bo‘ldi. Talabalar tomonidan o‘zbek, ingliz va turkman tillarida Vatan, tinchlik va inson qadri haqida she’rlar yangradi. “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston” kabi bir qator vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar o’zbek va turkman tillarida ijro etilib, tomoshabinlarga yuksak kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, o‘zbek, rus va turkman milliy raqslari tadbirga alohida joziba baxsh etdi. Turli millat madaniyatlarini aks ettirgan raqslar do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik timsoliga aylandi.

Tadbirning eng ta’sirli qismlaridan biri “Sen yetim emassan” filmi asosida sahnalashtirilgan spektakl bo‘ldi. Spektaklda urush yillarida Shomahmud Shoahmedov va uning rafiqasi Bahri Akramovaning turli millatga mansub 14ta yetim qolgan bolalarni mehr bilan o‘z farzandidek tarbiyalagan bag‘rikeng va insonparvar oilasi ta’sirchan tarzda namoyish etildi. O‘sha og‘ir urush yillarida bir burda qora non topish mushkul bo‘lishiga, uzoq navbatlarda turishga to‘g‘ri kelganiga qaramay, ular o‘z mehrini, e’tiborini va topgan rizqini yetim bolalar bilan baham ko‘rgani sahna orqali ta’sirchan ifodalandi.

Tadbir yakunida ijro etilgan umumiy raqs esa O‘zbekiston va Turkmaniston talabalari o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlikni yanada mustahkamladi. Bir sahnada jam bo‘lgan yoshlarning samimiy chiqishlari xalqlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, hamjihatlik va tinchlik g‘oyalarining yorqin ifodasiga aylandi.

Mazkur tadbir ajdodlarimiz xotirasini yod etish, ularning jasorati va fidoyiligini yoshlar qalbiga singdirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda millatlararo do‘stlikni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.