Ajdodlar xotirasi – abadiy mangu: 9-may- Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir
07.05.2026
Joriy
yilning 7 may sanasida
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida barpo qilingan Abdulla Oripov
bog’ida 9-may- Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Ajdodlar
xotirasi – abadiy mangu” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir “Iqtisodiyot”
fakultetining 144, 146 va 147-guruh talabalari ishtirokida tashkil
etildi. Tadbir universitetning Iqtisodiyot fakulteti dotsenti Go‘zal
Eshchanova hamda “Yer resurslarini boshqarish va kadastr” fakulteti dotsenti
Zulfiya Xafizova hamkorligida yuqori
saviyada o‘tkazildi.
Tadbir
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan tantanali ravishda
boshlandi.
Tadbir
davomida universitetimizda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan, ilm-fan va
yoshlar tarbiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan “Yer resurslarini boshqarish va kadastr”
fakulteti ustozlarning 9-may - Xotira va qadrlash kuni haqidagi samimiy
fikrlari tinglandi. Shuningdek, universitet ravnaqiga xizmat qilgan, bugun
oramizda bo‘lmagan ustozlar xotirasi chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etildi.
Abdulla
Oripov bog‘ida
ushbu tadbirning tashkil etilishi o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etdi. Abdulla
Oripov ijodida Vatanga muhabbat, inson qadri, xotira va sadoqat tuyg‘ulari
alohida o‘rin tutadi. Shu bois ushbu maskanda tashkil etilgan tadbir she’riyat,
ma’naviyat va vatanparvarlik uyg‘unlashgan go‘zal muhitni yaratdi.
Ta’kidlanganidek,
universitet hududidagi Abdulla Oripov bog‘i nafaqat bu kabi
ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, balki she’riy kechalar, badiiy uchrashuvlar,
talabalar savodxonligini oshiruvchi ma’rifiy loyihalar va ijodiy tadbirlar
o‘tkaziladigan maskanga aylanishi lozim.
Tadbir
dasturi mazmunan boy va ta’sirchan chiqishlarga boy bo‘ldi. Talabalar tomonidan
o‘zbek, ingliz va turkman tillarida Vatan, tinchlik va inson qadri
haqida she’rlar yangradi. “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston” kabi bir
qator vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar o’zbek va turkman tillarida ijro
etilib, tomoshabinlarga yuksak kayfiyat bag‘ishladi.
Shuningdek,
o‘zbek, rus va turkman milliy raqslari tadbirga alohida joziba baxsh
etdi. Turli millat madaniyatlarini aks ettirgan raqslar do‘stlik,
hamjihatlik va bag‘rikenglik timsoliga aylandi.
Tadbirning
eng ta’sirli qismlaridan biri “Sen yetim emassan” filmi asosida
sahnalashtirilgan spektakl bo‘ldi. Spektaklda urush yillarida Shomahmud
Shoahmedov va uning rafiqasi Bahri Akramovaning turli millatga mansub 14ta yetim qolgan bolalarni
mehr bilan o‘z farzandidek tarbiyalagan bag‘rikeng va insonparvar oilasi
ta’sirchan tarzda namoyish etildi. O‘sha og‘ir urush yillarida bir burda
qora non topish mushkul bo‘lishiga, uzoq navbatlarda turishga to‘g‘ri kelganiga
qaramay, ular o‘z mehrini, e’tiborini va topgan rizqini yetim bolalar bilan
baham ko‘rgani sahna orqali ta’sirchan ifodalandi.
Tadbir
yakunida ijro etilgan umumiy raqs esa O‘zbekiston va Turkmaniston
talabalari o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlikni yanada mustahkamladi. Bir
sahnada jam bo‘lgan yoshlarning samimiy chiqishlari xalqlar o‘rtasidagi mehr-oqibat,
hamjihatlik va tinchlik g‘oyalarining yorqin ifodasiga aylandi.
Mazkur
tadbir ajdodlarimiz xotirasini yod etish, ularning jasorati va fidoyiligini
yoshlar qalbiga singdirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda millatlararo
do‘stlikni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.