“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Pre-IELTS Preparation Course muvaffaqiyatli yakunlandi

04.05.2026

#Ta`lim #Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Iqtisodiyot” fakultetida 2025-yil noyabr oyidan 2026-yil aprel oyigacha Pre-IELTS Preparation Course muvaffaqiyatli amalga oshirildi.    

Mazkur kurs Britaniya Kengashi hamda universitet hamkorligida tashkil etilgan “Professional Development Centre” doirasida, dotsent Go‘zal Eshchanova tomonidan tashkil etildi va olib borildi. Dars mashg‘ulotlari B korpus, 226-xonada o‘tkazildi.     

Kursning asosiy maqsadi Iqtisodiyot fakultetining 1-bosqich, asosan Turkmanistonlik talabalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda IELTS imtihoniga tayyorgarlik uchun zarur bo‘lgan asosiy til ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.   

O‘quv jarayonida talabalar Reading, Writing, Listening va Speaking yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirdi. Ta’lim jarayonida British Councilning LearnEnglish platformasi hamda PRE-IELTS Online Tests platform kabi zamonaviy raqamli ta’lim resurslaridan samarali foydalanildi.

Talabalar bilim darajasini aniqlash maqsadida kurs boshida kirish (pre-test) va kurs yakunida chiqish (post-test) baholash tizimi qo‘llanildi. Ushbu jarayon orqali ishtirokchilarning bilimlaridagi o‘sish tahlil qilinib, ularning A2, B1 va B2 darajalariga mos tayyorgarlik bosqichi shakllantirildi.    

Kurs yakunida jami 45 nafar talaba sertifikat bilan taqdirlandi. Sertifikat topshirish marosimida Britaniya Kengashi vakili Sadikov Amirsaid hamda “Professional ta’lim” kafedrasi mudiri Dilrabo Muqimova ishtirok etdi.    

Mazkur kurs talabalarning til ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qildi.

Bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rganish zamon talabi bo‘lib, yoshlarning bu boradagi qiziqishi ortib bormoqda. Pre-IELTS Preparation Course esa talabalar uchun IELTS imtihoniga samarali tayyorgarlik ko‘rish va kelgusida xalqaro ta’lim hamda professional imkoniyatlarga ega bo‘lishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.