“Suv diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari” mavzusidagi davra suhbati
01.05.2026
"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetida yoshlar ishtirokida “Suv diplomatiyasi va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir SHHT Xalq Diplomatiyasi Markazi huzuridagi “Xalq diplomatlari” klubi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda talaba-yoshlar, yosh olimlar, tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari faol ishtirok etdilar.
Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslarini boshqarish, transchegaraviy suv munosabatlarini tartibga solish hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi. Davra suhbatini Universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abdulxakim Saloxiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Hamda Qadrli Mehmonimiz O’zbekistonda SHHT Xalq Diplomatiyasi Markazi Direktori Qobiljon Kasimovich Sobirjonov ham bevosita ishtirok etdi.
Ishtirokchilar orasida Xalqaro Suv resurslarini boshqarish insitutining (IWMI) Markaziy Osiyo ofisi katta ilmiy xodimi - Abdullayev Iskandar Xikmatovich, Davlatlararo suv xo’jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi ilmiy-tadqiqot markazining Trening markazi rahbari - Abdullayeva Fazilatxon Ahrorovna ekpertlar sifatida ishtirok etishdi. Ular o‘z nutqida suv resurslarining bugungi kunda global va mintaqaviy miqyosda strategik ahamiyat kasb etayotganini, ayniqsa, Markaziy Osiyo sharoitida suvdan samarali va adolatli foydalanish masalalari davlatlar o‘rtasidagi barqarorlik va taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidladi.
Shuningdek, u yoshlarning ilmiy salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni dolzarb ekologik va ijtimoiy muammolar yechimiga jalb etish muhim vazifa ekanini qayd etdi.
O‘z navbatida, Markaz direktori Qobiljon Sobirov so‘zga chiqib, suv diplomatiyasining bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi roli hamda mintaqaviy darajada o‘zaro ishonchni mustahkamlashdagi o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. U suv resurslarini boshqarishda xalqaro huquqiy mexanizmlar, ilmiy yondashuvlar va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish zarurligini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga ekologiya sohasida Markaz tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan loyihalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar tomonidan suv resurslarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, transchegaraviy suv havzalaridan foydalanishning huquqiy asoslari, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan keng qamrovli muhokamalar olib borildi. Yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlanmalari, innovatsion g‘oyalari va amaliy takliflari bilan faol ishtirok etib, suv diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdilar.
Muhokamalar jarayonida suvdan foydalanishda o‘zaro manfaatlar muvozanatini ta’minlash, ochiq muloqot va ishonch muhitini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida suv diplomatiyasiga oid bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma ta’limiy va ilmiy dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida suv diplomatiyasini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xususan, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, muntazam ravishda seminar va davra suhbatlari tashkil etish, xalqaro tajribani o‘rganish va uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur davra suhbati yoshlar uchun ochiq muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilib, suv diplomatiyasi sohasida yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida e’tirof etildi.