“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali: universitet talabalari yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi
01.05.2026
2026-yil 28–29–30-aprel kunlari yurtimizda muhandislik sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri — “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur festival zamonaviy muhandislikning 9 ta dolzarb yo‘nalishini qamrab olib, aviatsiya, robototexnika, agrotexnologiyalar, chip dizayn, yashil energetika, arxitektura hamda tibbiyot muhandisligi kabi sohalarda 30 dan ortiq respublika va xalqaro musobaqalarni birlashtirdi.
Festivalda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti iqtidorli talabalari ham faol ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliy jihatdan namoyon etdilar. Xususan, universitet jamoalari quyidagi nufuzli musobaqalarda qatnashdi: “Robot-sapyor”, “Robo War”, “Yangi avlod avtomobili”, “Qishloq xoʻjaligi innovatsion texnikalari” hamda “Suv roboti”, "Yashil energetika".
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, universitet talabalari bir qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, “Qishloq xoʻjaligi innovatsion texnikalari” musobaqasida 1-o‘rinni egallab, vazir kubogi hamda 20 million so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘lishdi. “Suv roboti” musobaqasida faxrli 3-o‘rin qo‘lga kiritilib, g‘oliblar televizor bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Yangi avlod avtomobili” musobaqasida jamoa “Eng tezkor avtomobil” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
Mazkur natijalar universitetda muhandislik ta’limi va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar samarasi ekanini yana bir bor namoyon etdi. Talabalarning bunday nufuzli xalqaro maydonda munosib ishtiroki, ularning ilmiy-texnik salohiyati hamda kelajak muhandislari sifatida shakllanib borayotganini tasdiqlaydi.
“Kelajak muhandislari” festivali yoshlarni ilm-fan va innovatsiyaga keng jalb etish, ularning ijodiy va texnik fikrlashini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlarimizni, ularning ustozlari va yaqinlarini chin qalbdan muborakbod etamiz. Ularga kelgusi faoliyatlarida yanada yuksak marralarni zabt etish, yangi g‘alabalar va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.