“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar yangi bosqichga chiqmoqda.
01.05.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 apreldagi
PQ-122-son qarori ijrosi doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida talabalarning
amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar yangi bosqichga
chiqmoqda.
Bugun universitetda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri
Shavkat Xamraev ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda vazirlik tizimi vakillari,
ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda
doktorantlar qatnashdi.


Tadbirni universitet
rektori, professor Baxodir Mirzaev olib bordi. Unda mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan
imkoniyatlar, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ta’lim muhitini
shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek,
universitet suv xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda tayanch
oliy ta’lim muassasasi sifatida muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda sohada ta’lim,
fan va ishlab chiqarish integratsiyasi izchil rivojlanib, bitiruvchilarning ish
bilan ta’minlanish ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib bormoqda.


Uchrashuv davomida
iqtidorli talabalar va yosh tadqiqotchilarning yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Ular tomonidan erishilgan natijalar yoshlar uchun namuna sifatida qayd etildi.
Shuningdek,
muloqot chog‘ida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olishdi.
Xususan, sohada muvaffaqiyatga erishish, rahbarlik salohiyatini shakllantirish va
amaliy tajriba orttirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.


Tadbir ochiq,
samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi. Yoshlar ilgari bildirilgan takliflarning ijobiy
yechim topayotganini alohida qayd etib, yangi tashabbuslar bilan chiqishdi. Barcha
takliflar qo‘llab-quvvatlandi.