2025-yilda xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar ko‘rgazmada namoyish etildi

01.05.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

 “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida navbatdagi Universitet kengashi yig‘ilishi arafasida xalqaro hamkorlik va loyihalar doirasida 2025-yilda erishilgan natijalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Ko‘rgazmada universitetning xorijiy hamkorlari va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari keng jamoatchilikka taqdim etildi. Jumladan, VEGERA va LUPIC loyihalari hamda British Council bilan hamkorlikdagi dasturlar doirasida erishilgan yutuqlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Germaniyaning Ebersvalde Barqaror Rivojlantirish Universiteti bilan xamkorlikdagi VEGERA loyihasi doirasida universitetda zamonaviy DEMO HOUSE laboratoriyasining ishga tushirilgani, professor-o‘qituvchilarning xalqaro stajirovkalarda ishtiroki, raqamli ta’lim dasturlarining joriy etilishi hamda xalqaro ilmiy maqolalar va konferensiyalar natijalari namoyish qilindi.

Janubiy Koreyaning Keymyung Kollej Universiteti bilan xamkorlikdagi  LUPIC loyihasi doirasida esa Kasbiy Ta’lim Texnikumi, yani Mexatronika texnikumi va DEISC markazining zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangani, o‘qituvchilar va talabalar uchun xalqaro stajirovkalar, treninglar hamda akademik almashinuv dasturlarining yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, qo‘shma darsliklar va ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.

British Council bilan hamkorlikdagi IELTS Partnership Program doirasida talabalar tomonidan qo‘lga kiritilgan IELTS sertifikatlari, ushbu natijalar asosida xorijiy universitetlarga grant va stipendiyalarni qo‘lga kiritgan talabalar yutuqlari hamda universitet miqyosidagi ilmiy tadbirlarda tashkilotning qo‘llab-quvvatlash faoliyati ko‘rgazmada alohida o‘rin egalladi.

Mazkur ko‘rgazmada “Iqtisodiyot” fakulteti dotsenti Go'zal Eshchanova ham faol ishtirok etib, u VEGERA va LUPIC xalqaro grantlari ishtirokchisi hamda British Council bilan hamkorlikdagi dasturlar koordinatori sifatida taqdim etilgan natijalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar taqdim etilgan natijalarni yuqori baholab, mazkur loyihalar universitetda ta’lim sifati va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladilar.