“Siza” kanalida suv tejash va injenerlik yechimlarini takomillashtirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.

24.04.2026

#Rektordan

Andijon viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi PQ-122-son qarori ijrosi doirasida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Andijon viloyatida suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish hamda ilmiy asoslangan yechimlarni amaliyotga keng joriy etish maqsadida keng qamrovli o‘rganish ishlari tashkil etildi.


Bunda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi dotsenti, Andijon viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi B.T. Amanov, ISMITI laboratoriya mudiri, viloyatga biriktirilgan mas’ul E.A. Kazakov, “Norin-Qoradaryo” ITHB qurilish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish sho‘basi rahbari M. Zaynobiddinov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.


 “Siza” kanali faoliyati atroflicha o‘rganilib, mazkur kanal Andijon, Baliqchi va Izboskan tumanlari hududidan o‘tuvchi muhim irrigatsiya tarmoqlaridan biri ekanligi hamda uning asosiy suv manbai Qoradaryo daryosi hisoblanishi qayd etildi. Kanalning to‘g‘ridan to‘g‘ri daryodan suv olishi natijasida qum va loyqa bosish holatlari tez-tez kuzatilayotgani, bu esa uning gidravlik samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aniqlandi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, kanalning PK 0+00 dan PK 145+00 gacha bo‘lgan 14,5 km qismida bosqichma-bosqich betonlash ishlari 2026–2027-yillarga rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yil yakuniga qadar 7 km qismida beton qoplama barpo etish belgilangan.


Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hududda suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.