Nurota tog‘ tizmalarida qo‘shimcha suv zaxiralarini shakillantirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda

23.04.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

Navoiy viloyati 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 122-sonli qarori ijrosi doirasida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”gamuvofiq, qishloq xo‘jaligi hamda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Nurota tog‘ tizmalarida qo‘shimcha suv zaxiralarini yaratish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy o‘rganishlar amalga oshirildi. 

Mazkur jarayonda Nurota tumani hokimi A. Fayziev, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitet professori A. Fatxulloev hamda sohaviy tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdi. 

O‘rganishlar davomida sel suv omborlari, sel oqimlari shakllanish zonalari hamda yer osti suvlaridan foydalanish holati ilmiy jihatdan tahlil qilinib, suv resurslarining shakllanish manbalari, hududiy taqsimoti va ulardan foydalanish samaradorligi baholandi. 

Tahlillar natijasida tog‘li hududlarda shakllanadigan sel oqimlaridan to‘liq foydalanilmayotgani, himoya va tartibga soluvchi gidrotexnik inshootlar yetarli darajada rivojlanmagani hamda bu holat suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini cheklayotgani aniqlandi. 

Shu bilan birga, yer osti suvlari sathining pasayishi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suvdan foydalanishda qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi. 

O‘rganishlar yakunida sel oqimlarini tartibga solish, ularning salbiy ta’sirini kamaytirish hamda suv resurslarini jamlash orqali qo‘shimcha suv zaxiralarini shakllantirishga qaratilgan, jumladan kichik hajmli suv inshootlarini barpo etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqildi.