Suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda ilmiy yechimlarga qaratilgan “Yo‘l haritasi” ijrosi doirasida o‘rganish ishlari olib borildi.
23.04.2026
Jizzax viloyati
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti professori, Jizzax viloyati qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchi A. Yangiev hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi B. Sharofovlar tomonidan Do‘stlik tumanida joylashgan Q. Raximov va M. Dadajonov FXHU hududidagi uzunligi 15,0 kilometr sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish davomida betonlashtirish jarayonining sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Do‘stlik tumanida aqlli suv boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha 40 gektar maydonda tashkil etilgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasiga asoslangan pilot loyiha bilan tanishildi. Mazkur loyihada suv olish inshootlari aqlli suv o‘lchagich qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lib, ular onlayn rejimda vazirlikning yagona axborot bazasiga integratsiya qilinganligi qayd etildi.

Arnasoy tumanida faoliyat yuritayotgan Xitoy investorlariga tegishli “Great Agrotex” MChJ ishlab chiqarish bazasi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur korxonada tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun zarur bo‘lgan to‘liq jihozlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarida ilg‘or xorijiy tajribalar qo‘llanilayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, markazda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash va ulardan samarali foydalanish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

O‘rganilgan ob’ektlarda dual ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida Suv xo‘jaligi va melioratsiya hamda Gidrotexnik qurilish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish yo‘nalishlari talabalari uchun amaliyot o‘tash imkoniyatlari hamda ularning yashash sharoitlarini tashkil etish masalalari yuzasidan kelishib olindi.