"GDCAU" loyihasi koordinatori professor Isak Frumin "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurdi
22.04.2026
Joriy yilning 18-aprel kuni Erasmus+ning Green Deal for Central Asian Universities (GDCAU) loyihasi koordinatori, Germaniyaning Constructor University Bremen universiteti professori Isak Frumin “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurdi.
Professor Isak Fruminni universitetdagi loyiha koordinatori, dotsent Sherzod Raxmonov va loyiha menejeri Iqboljon Bozarov kutib oldi. Tashrif dastlab universitetda tashkil etilgan Green Deal Centerda boshlandi. U yerda loyiha ikkinchi yili doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar, markaz faoliyatini yanada rivojlantirish hamda loyiha natijalarini universitet hayotiga samarali joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng mehmon Ekologiya fakulteti hamda Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Ekologiya va huquq fakulteti dekani, dotsent Xabibullo Pirmatov bilan loyihaning universitetdagi amaliy ahamiyati, uni ta’lim va ilmiy faoliyatga integratsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Professor, shuningdek, fakultet va institutda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur tashrif GDCAU loyihasi doirasida universitetda olib borilayotgan ishlarni baholash, erishilgan natijalarni ko‘rib chiqish va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.