“Akademik va yoshlar uchrashuvi” ilm tajriba va yoshlar muloqoti
22.04.2026
Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 15-apreldagi 02/61-2531-sonli xatiga muvofiq, 2026-yil 21-aprel kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Akademik va yoshlar uchrashuvi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir yoshlarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, ularni ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda tajribali olimlar bilan ochiq muloqot maydonini yaratish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori M. Mirsaidov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi U. Sangirova, Yer resurslari va kadastr fakulteti dekan o‘rinbosari S. Abduraxmonov, dekan maslahatchisi Z. Xafizova, Yer resurslarini boshqarish kafedrasi mudiri O‘. Muxtarov hamda fakultetning faol talabalari ishtirok etdilar.
Tadbirni S. Abduraxmonov kirish so‘zi bilan ochib, akademik M. Mirsaidovning ilmiy faoliyati va hayot yo‘li haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng akademik M. Mirsaidov o‘zining ko‘p yillik ilmiy izlanishlari, erishgan yutuqlari hamda ilm-fan yo‘lidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U yoshlarga zamonaviy ilm-fan rivoji, innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish va mustaqil fikrlashning ahamiyati haqida muhim tavsiyalar berdi.
Shuningdek, tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga keng jalb etish, ularning faolligini oshirish hamda kelgusida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashdilar.
Uchrashuvning eng qiziqarli qismi savol-javoblarga boy bo‘lib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Bu esa tadbirning interaktiv va mazmunli o‘tishiga xizmat qildi.