21-aprel — tarix, xotira va samimiy uchrashuvlarga boy kun
22.04.2026
Joriy yilning 21-aprel sanasida universitetimiz hayotida yana bir unutilmas voqea sodir bo‘ldi. 1971–1976-yillarda Gidrotexnika qurilishi fakultetida tahsil olib, bugungi kunda yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan faxriy bitiruvchilar oliy dargohimizga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida mehmonlar universitetimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy o‘quv sharoitlari, ilmiy-innovatsion yangiliklar hamda ta’lim tizimidagi yuksalishlar bilan yaqindan tanishdilar. Har bir yangilik ularda faxr va hayrat tuyg‘usini uyg‘otdi.


Ayniqsa,
universitet muzeyiga uyushtirilgan sayohat mehmonlar uchun o‘zgacha
hissiyotlarga boy bo‘ldi. U yerda saqlanayotgan tarixiy eksponatlar, eski
hujjatlar va esdaliklar ularni yana yoshlik davrlariga, talabalikning eng
beg‘ubor lahzalariga qaytargandek bo‘ldi. Har bir burchak o‘tmishning jonli
sahifalarini eslatib turdi.
Bugungi kunda
universitetimizning nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham yuksak
mavqega ega ekani mehmonlarda katta g‘urur va mamnuniyat hissini uyg‘otdi.


Tashrif davomida
faxriy bitiruvchilar hozirgi kunda Gidrotexnika qurilishi yo‘nalishida tahsil
olayotgan talabalarga samimiy tilaklar bildirdilar. Ular yoshlarni bilim
olishda tirishqoqlik, kasbga sadoqat, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallash
hamda yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilishga chorladilar.
Shuningdek, o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, qimmatli tavsiyalarini ham
ulashdilar.


Shuningdek, universitet rektori bilan tashkil etilgan uchrashuv iliq va samimiy ruhda o‘tdi. Ushbu muloqot davomida ta’lim sifatini yanada oshirish, avlodlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda bitiruvchilar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv barchaga yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Bunday uchrashuvlar
universitetimizning tarixiy ildizlari va bugungi yutuqlarini bog‘lab turuvchi
muhim ko‘prik bo‘lib, avlodlar o‘rtasidagi hurmat, sadoqat va ilmga bo‘lgan
muhabbatni yanada mustahkamlaydi.