Samarqandning eng noyob obidalaridan biriga sayohat uyishtirildi
20.04.2026
TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari uchun tashkil etilgan Shohi Zinda majmuasiga ziyorat sayohati nafaqat ma’naviy, balki tarixiy jihatdan ham yuksak taassurot qoldirdi. Ushbu muqaddas maskan qadimiy Samarqandning eng noyob obidalaridan biri bo‘lib, uning tarixi asrlar qa’riga borib taqaladi.
Rivoyatlarga ko‘ra, majmua nomi “tirik shoh” ma’nosini anglatadi va u yerda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchasi Qusam ibn Abbos dafn etilgani bilan bog‘liq. Shu bois bu joy azaldan ziyoratgoh sifatida e’zozlanib kelinadi.
Majmua hududida qad ko‘targan rang-barang koshinlar bilan bezatilgan maqbaralar esa Amir Temur va temuriylar davrining yuksak me’morchilik an’analarini o‘zida mujassam etgan.
Ziyorat davomida ishtirokchilar nafaqat tarixiy obidalarni tomosha qildilar, balki ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy meros, milliy qadriyatlar va madaniyat haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, majmuaning tor ko‘chalarida qadimiylik nafasi sezilib, har bir gumbaz va peshtoqlarda tarixning tirik izlari aks etib turadi.
Bunday ma’rifiy safarlar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, tarixga hurmat va milliy o‘zlikni anglash tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shohi Zinda ziyorati esa ishtirokchilar uchun uzoq vaqt esda qoladigan, ruhiy poklanish va ilhom manbaiga aylangan unutilmas voqea bo‘ldi.