“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan hamkorlik doirasida qator muhim tadbirlar o‘tkazildi.
10.04.2026
Avvalo, ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, talabalar uchun amaliy imkoniyatlarni kengaytirish hamda ilmiy-innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur hujjat talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, startap loyihalarni rivojlantirish va gidroenergetika sohasida zamonaviy bilimlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov universitet talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda jamiyat faoliyati, istiqbolli loyihalar, amaliyot va ishga joylashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, taklif va tashabbuslarini bildirdilar. Iqtidorli talabalar uchun rag‘bat sifatida 10 ta HP noutbuk hamda 5 ta zamonaviy smartfon taqdim etildi.
Ochiq muloqot yakunida talabalar uchun qator amaliy qarorlar qabul qilindi. Jumladan, “Eng bilimdon kitobxon” tanlovini o‘tkazish, startap markazini tashkil etish, nomdor stipendiyalar sonini oshirish, amaliyot imkoniyatlarini kengaytirish, qurilish obyektlariga ekskursiyalar tashkil etish hamda talabalar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish belgilandi. Shu bilan birga, faol ishtirok etgan bir guruh talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tadbirlar doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi va universitet rektori tomonidan manzarali daraxt ko‘chati ekilib, bu ikki tomonlama hamkorlikning ramziy ifodasi sifatida e’tirof etildi.
Mazkur hamkorlik ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.