“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Minospace (Xitoy) bilan sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari sohasida strategik hamkorlikni boshladi.
10.04.2026
"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida universitet rektori Baxodir Mirzayev va Xitoyning Minospace kompaniyasi hammuassisi Xuan Yaiyeng (Huan Yiheng) ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar aerokosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldosh muhandisligi, kosmik malumotlarni qabul qiluvchi antenna o‘rnatish hamda suv resurslari va qishloq xo‘jaligini raqamli monitoring qilish tizimlari sohasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Muzokaralar natijasida tegishli davlat organlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasining mutasaddi vazirliklari bilan hamkorlikda universitetning sun’iy yo‘ldoshlarini ishlab chiqish va uchirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Rejalashtirilayotgan sun’iy yo‘ldosh loyihalari quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
-sug‘oriladigan yerlarni masofadan zondlash
-suv resurslari holatini monitoring qilish va prognozlash
-qishloq xo‘jaligida aniq (precision) texnologiyalarni joriy etish
-sun’iy intellekt asosida tahlil va qaror qabul qilish tizimlari bilan integratsiya
Ushbu hamkorlik universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilib, O‘zbekistonda barqaror suv boshqaruvi va aqlli qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi.