Akademik almashinuv dasturi amalda
10.04.2026
Joriy yilning 8-aprel kuni
Qozog‘iston Respublikasining Qo‘rqit-ota nomidagi
Qizilo‘rda universiteti “Elektroenergetika” mutaxassisligi bo‘yicha
tahsil olayotgan 5 nafar magistr “Toshkent
irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”
Milliy tadqiqot universitetiga akademik almashinuv dasturi doirasida
tashrif buyurishdi. Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida yo‘lga
qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturining amaliy natijasi bo‘lib, talabalar
o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar
almashinuvini ta’minlashga qaratilgan.
Tashrifning birinchi kunida
xorijiy magistrantlar universitetning ilmiy va o‘quv infratuzilmasi bilan
yaqindan tanishtirildi. Jumladan, zamonaviy ilmiy-o‘quv laboratoriyalarda olib
borilayotgan tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va texnologik jarayonlar
bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, universitet texnoparkida
amalga oshirilayotgan startap loyihalar, yosh olimlar tomonidan yaratilayotgan
innovatsion qurilmalar va ularning tijoratlashtirish jarayonlari haqida
batafsil ma’lumot berildi. Zamonaviy kutubxona faoliyati, uning elektron
resurslari, ilmiy ma’lumotlar bazalari va xalqaro platformalarga kirish imkoniyatlari
ham talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kunning ikkinchi yarmida esa “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya
manbalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quv-amaliy
mashg‘ulotlar tashkil etildi. Xususan, kafedra katta o‘qituvchisi A.Davirov
tomonidan “Rele himoyasi va avtomatikasi” fanidan laboratoriya mashg‘ulotlari
o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar davomida magistrantlar zamonaviy elektr
tizimlarida qo‘llaniladigan himoya vositalari, avtomatik boshqaruv tizimlari,
relelarning ishlash prinsiplari hamda favqulodda holatlarda tizimni himoyalash
mexanizmlari bilan amaliy tarzda tanishdilar. Laboratoriya jarayonlari
interaktiv tarzda olib borilib, talabalarning bilimlarini mustahkamlash hamda
ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur akademik almashinuv
dasturi doirasidagi tashrif talabalar uchun nafaqat nazariy bilimlarini
boyitish, balki xalqaro tajribani o‘rganish, yangi ilmiy yondashuvlarni
egallash hamda kelgusidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatlari uchun muhim asos
yaratish imkonini bermoqda. Shuningdek, bu kabi tashriflar ikki universitet
o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy loyihalarni
kengaytirish va ta’lim sifatini xalqaro darajada rivojlantirishda muhim
ahamiyat kasb etadi. Ayni vaqtda qo‘shma ta’lim dasturi doirasida xorijiy magistr
talabalariga kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan dars mashg’ulotlari
olib borilmoqda.
Ma’lumot beruvchi “ET va
QTEM” kafedrasi katta o‘qituvchisi N.Abdug‘aniyev
Universitet matbuot xizmati