Universitet yoshlarining startap yutuqlari senator e’tiborida

10.04.2026

#Tadqiqotlar

Universitetimizda yosh startapchilar bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi, Oliy Majlis Senatining Xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi a’zosi — senator Rustamxon Abduhakimovich Kalanov ishtirok etdi.


Tadbir davomida doktorant, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ezoz Ozodov o‘z assistentlari — talabalar Hayrullaxonov Xondamirxon va Ergashaliyev Muhammadaziz bilan birgalikda universitetning so‘nggi uch yildagi startap va innovatsion faoliyati natijalarini taqdim etdi. Taqdimotda startap ekotizimi shakllangani, investitsiyalar hajmi sezilarli oshgani va ko‘plab loyihalar amaliy bosqichga chiqqani qayd etildi.


Shuningdek, suvni tozalashga mo‘ljallangan intellektual texnologiya loyihasi namoyish etildi.


Uchrashuv davomida senator talabalar tomonidan jalb etilgan investitsiyalar hajmi qariyb 1 milliard so‘mga yetganini alohida e’tirof etib, bundan chuqur taassurot olganini bildirdi. Talabalarning mustaqil ravishda investitsiya jalb qilayotgani va loyihalarni tijoratlashuv bosqichiga olib chiqayotgani yuqori baholandi.


Senator tomonidan startaplarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ma’muriy yordam va maxsus normativ-huquqiy mexanizmlar ishlab chiqish orqali rivojlantirishga ko‘maklashish taklif etildi.


Yakunda universitet innovatsion faoliyati yuqori baholanib, uning yoshlar orqali real investitsiya jalb qilayotgan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri ekani ta’kidlandi.