“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga Turkmaniston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Shadurdi Meredov hamda elchixona attashesi Serdar Atanepesov tashrif buyurdi.

10.04.2026

#Rektordan #Xalqaro hamkorlik

Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Elchi universitetda tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, turkman yoshlarining mazkur universitetni tanlayotgani uning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat ekani qayd etildi.


Uchrashuv davomida turkmanistonlik talabalarning elchixona tomonidan tashkil etilayotgan madaniy tadbirlardagi faol ishtiroki yuqori baholandi. Shu bilan birga, Turkmanistonning Neytralitet bayrami munosabati bilan joriy yilning 20–25-may kunlari universitetda davra suhbati o‘tkazish taklifi ilgari surildi.


Muloqot chog‘ida Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universiteti bilan talabalar amaliyoti va o‘zaro tajriba almashinuvi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Universitet rektori, professor Bahodir Mirzayev tomonidan suv diplomatiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, mazkur sohada ajratilgan grant o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.


Mazkur tashrif ta’lim, ilm-fan va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.