Yangi ilmiy-innovatsion gidrotexnika inshootlariga tashrif
08.04.2026
Mamalakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohatlar gidrotexnika qurilishi sohasida ham o‘z aksini topmoqda. Respublikamizda ekologik toza energiya ishlab chiqarishda qator gidroelektro stansiyalar (GES) qurilishi rejalashtrilgan va amalga oshmoqda.
«Gidravlika va gidroinformatika»
kafedrasining bir gurux professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va magistrantlardan
iborat guruh yangi ishga tushirilgan Quyi Chotqol GESiga amaliy-ilmiy tashrifni
amalga oshirdi. Ushbu tashrif ta’lim, ilmiy va ishlab chiqarish integratsiyaga qaratilgan
muhim tadbirlardan biri hisoblanadi.

Quyi Chotqol GESi zamonaviy gidroenergetik ob’ektlardan biri bo‘lib, uni barpo etishda Respublikamizda birinchi marotaba innovatsion texnologiyalar qo‘llanilgan. GESda umumiy quvvati 90 MVtni tashkil etadigan jami 4 ta gidroagregat o‘rnatilgan. GES Chotqol daryosi suv resurslaridan samarali foydalanish orqali barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida tadqiqotchilar stansiya mutaxassislari bilan
yaqin muloqot o‘rnatib, gidroenergetika sohasidagi zamonaviy texnologiyalar, ekspluatatsiya
jarayonlari va innovatsion yechimlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mutaxassislar tomonidan GESning loyihalash bosqichlari, qurilish jarayoni, shuningdek,
uning ishlash prinsiplari yuzasidan tushunchalar berildi. Shu bilan birga GESning
asosiy inshootlari, jumladan, to‘g‘on, suv qabul qilish inshootlari, derivatsion
tizimlar va mashinalar zalida joylashgan gidroagregatlar - turbinalar va generatorlar
ishlash jarayoni katta qiziqish uyg‘otdi. Shuni aloxida takidlash lozimki, Quyi
Chotqol GESida daryo oqiziqlarini boshqarishning o‘ziga hos gidravlik rejimi berilgan.
Ushbu ilmiy-amaliy ishlarda “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi va “Gidroproekt”
AJ hamkorligi doirasida kafedra filialida, dotsent F.Babajonov rahbarligida yosh
tadqiqotchilar J.Donaboev va S.Allaberdiev ishtirokida amalga oshirilgan ilmiy
natijalar borligi quvonarli holatdir.

Shuningdek, tashrif davomida gidroinformatika yo‘nalishida qo‘llanilayotgan
raqamli boshqaruv tizimlari, avtomatlashtirish va monitoring texnologiyalari haqida
ham amaliy ma’lumotlar olindi. Bu esa yosh tadqiqotchilar uchun nazariy bilimlarni
amaliyot bilan bog‘lash imkoniyatini yaratdi.
Tashrif natijasida ishtirokchilarda yangi ilmiy g‘oyalar va amaliy yondashuvlar bo‘yicha amaliy muloqotlar amalga oshirildi. Olingan tajriba gidravlika va gidroinformatika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tashrif ta’lim, ilm va ishlab chiqarish integratsiyasini
mustahkamlash, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda gidroenergetika
sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.