"Oliygoh Kubogi" tanlovlariga start berildi
08.04.2026
"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida “Muhandislik oyligi” doirasida tashkil etilayotgan "Oliygoh Kubogi" tanlovlariga start berildi. Mazkur tanlov yoshlarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish, ularning ilmiy-texnik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy texnologiyalar sohasida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Ushbu tanlov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2024-yil 20-iyun kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhandislik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash vazifalari, shuningdek, 2025-yil 14-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ochilish marosimida tanlovda ro'yxatdan o'tgan talabalar, professor-o'qituvchilar hamda universitet rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbirni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shokirov Shuxrat Sobirovich ochib berdi.

"Oliygoh Kubogi" musobaqasi doirasida universitet talabalari o'rtasida:
- Qishloq xo‘jaligi innovatsion texnikalari;
- Sun’iy intellekt;
- Kiberxavfsizlik;
- 3D modellashtirish bo'yicha tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mazkur tanlov yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda amaliy loyihalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Ta’kidlanganidek, ushbu tanlov iqtidorli talabalarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va kelgusida istiqbolli startap loyihalarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
“Oliygoh kubogi” tanlovi bir necha bosqichda o‘tkazilib, unda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar munosib taqdirlanadi.
Har yili an'anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan ushbu tadbirlar mamlakatimizda muhandislik sohasini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy texnologiyalarga keng jalb etish hamda innovatsion fikrlashni rag‘batlantirishga qaratilgan.