“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
07.04.2026
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi”ning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada, ko‘tarinki va bayramona ruhda tashkil etildi.
Mazkur nufuzli sport tadbirida universitet rektori Bahodir Mirzaev, professor-o‘qituvchilar, shuningdek, barcha fakultetlardan shakllantirilgan jamoalar faol ishtirok etdilar.


Ta’kidlash joizki, ushbu Olimpiada talaba-yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, shuningdek, ular o‘rtasida do‘stlik va jamoaviylik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ochilish marosimi doirasida sportchi talabalar tantanali ravishda saf tortib, musobaqalarning 1-bosqichi — universitet bosqichiga yuqori kayfiyat va katta ishtiyoq bilan kirishdilar.


Olimpiada doirasida quyidagi sport turlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilgan:
— voleybol
— gandbol
— basketbol (3x3)
— stol tennisi
— futbol
— yengil atletika
Hozirgi kunda barcha sport turlari bo‘yicha jamoalar shakllantirilgan bo‘lib, musobaqalar yuqori raqobat va murosasiz kurashlar ostida davom etmoqda.


Mazkur Olimpiada universitetda sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yoshlar siyosati doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.