“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida navbatdagi ekologik tadbir o‘tkazildi.
06.04.2026
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida navbatdagi xayrli tashabbus amalga oshirildi. Universitet hududida keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari tashkil etilib, unda professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda xodimlar faol ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda universitet hududini yanada obod va ko‘rkam maskanga aylantirishdan iborat. Ekilgan ko‘chatlar hududning estetik ko‘rinishini yaxshilash bilan birga, sog‘lom ekologik muhit shakllanishiga ham xizmat qiladi.
Tadbir davomida turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, ularni parvarishlash bo‘yicha mas’ul guruhlar belgilandi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va uni asrab-avaylash har bir insonning muhim burchi ekanligi alohida ta’kidlandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar kelajak avlod uchun sof va musaffo ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.