LUPIC xalqaro loyihasi doirasida DEISC markazida “Raqamli savodxonlik va kompyuter ko‘nikmalari” bo‘yicha o‘quv treningi tashkil etildi

02.04.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

2026-yil 2-aprel kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida LUPIC (Leading Universities International Program for Cooperation) xalqaro loyihasi doirasida DEISC (Digital Education Innovation Support Centre) markazida “Raqamli savodxonlik va kompyuter ko‘nikmalari” mavzusida o‘quv treningi tashkil etildi.

Mazkur tadbir Janubiy Koreyaning Keimyung College University hamkorligida, Capacity Building yo‘nalishidagi (2024–2029) xalqaro grant asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha O‘zbekiston tomonidan universitet rektori, professor Mirzayev Baxodir Suyunovich koordinatorligida olib borilmoqda.

Treningni Keimyung College University professori Jongrib Ha olib bordi. Mashg‘ulotlar DEISC markazida tashkil etilib, unda zamonaviy texnologiyalar asosida amaliy darslar o‘tkazildi.

Mazkur trening universitetning Ingliz tili kafedrasi dotsenti, loyiha rasmiy a’zosi va universitetdagi DEISC markazi mas’uli Go‘zal Eshchanova tomonidan muvofiqlashtirildi. Treningda universitet talabalari,DEISC markazi a'zolari, professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilar faol ishtirok etdilar.

Trening davomida ishtirokchilarga loyiha doirasida universitetga o‘rnatilgan zamonaviy uskunalar va o‘quv stendlari bo‘yicha nazariy bilimlar kompyuterda bajariladigan amaliy mashg‘ulotlar bilan integratsiya qilindi. Bu esa texnik jarayonlarni chuqur o‘zlashtirish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash imkonini berdi.

Shuningdek, trening quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oldi:

  • Raqamli ta’lim va innovatsiya – zamonaviy o‘qitish metodlarini joriy etish;
  • Ayollarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik – ayollar va talaba qizlarning bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish;
  • Startaplar va biznes rejalar – innovatsion loyihalar yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish.

Mazkur o‘quv treningi universitetda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda DEISC markazi faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.