“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Italiyalik olimlar ishtirokida xalqaro kurs yakunlandi
30.03.2026
2026-yilning 24–30-mart kunlari universitetimizda “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasida qishloq xoʻjaligi va suv resurslarini boshqarishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllashga bagʻishlangan nufuzli xalqaro kurs boʻlib oʻtdi. “Yarim qurgʻoqchil hududlarda qishloq xoʻjaligi suv resurslarini boshqarish va iqlim oʻzgarishi uchun masofadan zondlash va GIS ilovalari” deb nomlangan ushbu oʻquv dasturini Italiyaning Padova universiteti (QS reytingida 233-o‘rin) professori Paolo Tarolli va doktor Aurora Ghirardelli tomonidan olib borildi.
Ushbu kurs global iqlim oʻzgarishi sharoitida yarim qurgʻoqchil hududlarda ayniqsa O’zbekistonda suv resurslarini ilmiy asosda samarali boshqarish yoʻllarini oʻrgatishga qaratildi. Ishtirokchilar zamonaviy masofadan zondlash va GIS (QGIS, Google Earth Engine) texnologiyalaridan foydalangan holda quyidagi yangi bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirdilar:
Indekslarni hisoblash va tahlil qilish: Ishtirokchilar ochiq manbali maʼlumotlar bazalari orqali NDVI (oʻsimliklar rivojlanishi), Aridlik indeksi (P/PET), VHI (vegetatsiya davrida) va tuproq tuzlanish indekslarini hisoblashni oʻrgandilar.
Monitoring tizimi: Qurgʻoqchilik senariylarini modellashtirish, oʻsimliklar stressini kuzatish va tuproq holatini fazoviy tahlil qilish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Google Earth Engine imkoniyatlari: Zamonaviy bulutli platformalar yordamida katta hajmdagi sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlarini qayta ishlashning amaliy usullari koʻrsatib berildi.
Kurs davomida nazariy bilimlar bevosita amaliyot bilan bogʻlandi. Kurs yakunida talabalar oʻz guruh loyihalarini taqdim etdilar, unda qishloq xoʻjaligi suv resurslarini boshqarish boʻyicha aniq ilmiy yechimlar muhokama qilindi.
Ushbu kurs bitiruvchilari endilikda qurgʻoqchilikni monitoring qilish, ekinlar rivojlanishi baholash va tuproq sho’rlanishini masofadan turib tahlil qilish boʻyicha xalqaro standartlarga mos koʻnikmalarga ega boʻldilar. Bu esa mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish jarayonlarida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.
Universitetimiz jamoasi nomidan professor Paolo Tarolli va doktor Aurora Ghirardelliga samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz!