“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
26.03.2026
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti (MIIGAiK) rektori Kaminina Nadejda Rostislavovna boshchiligidagi rasmiy delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida ikki tomon o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida geodeziya va kartografiya yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, suv inshootlarini geografik tahlil qilishga qaratilgan kosmik tadqiqotlar texnologiyalari bo‘yicha zamonaviy fan modullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Xususan, kelishuvga muvofiq har yili 30 nafardan ortiq talaba ikki universitet o‘rtasida akademik almashinuv dasturlari asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur hamkorlik ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek xalqaro akademik integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.