Talabalar uchun amaliy mashg‘ulot- nazariya va amaliyot uyg‘unligi
26.03.2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-sonli “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, ta’lim yo‘nalishlarini iqtisodiyotning ilg‘or tarmoqlari ehtiyojlariga moslashtirish, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash hamda ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 60710500 – Elektr muhandisligi ta’lim yo‘nalishining 2-bosqich 206-guruh talabalari “Elektrotexnologiya va elektr uskunalar ekspluatatsiyasi” kafedrasi dotsenti Yunusov Rustam Farikovich rahbarligida Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Toshkent viloyati Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida Avtomatika va nazorat-o‘lchov apparaturalari bo‘limi boshlig‘i Sh.N. Kaybullaev tomonidan boshqarmaning tashkil topish tarixi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, xodimlarning xizmat vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Toshkent viloyatidagi nasos stansiyalarining joylashuvi hamda ularning bir chiziqli elektr ta’minoti sxemalari tushuntirildi.
Talabalar uchun ishlab chiqarish jarayonlariga oid muhim bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ularga nasos stansiyalarida ishga qabul qilish tartibi, mehnatni muhofaza qilish hamda texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtirildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida talabalar boshqarma tarkibidagi bo‘lim va sexlarda nasos agregatlari, turli markadagi sinxron, qisqa tutashtirilgan va fazaviy rotorli asinxron elektr dvigatellari hamda transformatorlarni kapital ta’mirlash texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, elektr mashinalarining stator va rotor chulg‘amlari hamda mexanik qismlarini ta’mirlashda qo‘llaniladigan elektrotexnik materiallar, zamonaviy o‘lchov asboblari, stanok va maxsus moslamalarning ishlash jarayonlari o‘rganildi.
Bundan tashqari, talabalar nasos stansiyalaridagi yoqilg‘i punktlari va elektr xavfsizlik inshootlari, xususan, erlash konturlarining tashkil etilishi va ishlash prinsiplari bilan tanishdilar. Yordamchi xo‘jalik faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.

Tashrif yakunida talabalar boshqarma qoshidagi batimetrik markaz faoliyati, uning asosiy vazifalari hamda suv havzalarida o‘lchov va sinov ishlarini amalga oshirishda qo‘llaniladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan tanishdilar.
Mazkur
amaliy tashrif talabalar uchun nazariy bilimlarni mustahkamlash, ishlab
chiqarish jarayonlarini bevosita kuzatish hamda kelajakdagi kasbiy
faoliyatlariga tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etdi.