Ilmga baxshida umr

10.03.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

Yurt taraqqiyoti, davlatchilik an’analari mustahkamlanishi hamda milliy ilm-fan ravnaqiga ulkan va beqiyos hissa qo‘shgan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, taniqli olim va jamoat arbobi Oqil Umurzoqovich Salimovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining faxriy professori unvoni berildi.

Mazkur taqdirlash marosimida olimning ko‘p yillik samarali ilmiy faoliyati, mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi, yosh avlodni ilm-ma’rifat ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Oqil Umurzoqovich Salimovning davlat boshqaruvi tizimi rivojiga, milliy ilm-fan maktablarini shakllantirish va ularni yanada mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari yuqori baholandi.


Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan olimning ilmiy va ijtimoiy faoliyati, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona mehnati haqida iliq fikrlar bildirildi. Ushbu e’tirof nafaqat olimning shaxsiy yutug‘i, balki mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim tizimi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Mazkur tadbirda universitetimiz professor-o‘qituvchilari hamda xodimlarining faol ishtiroki ta’minlandi. Ular marosimda qatnashib, yurtimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tajribasini yosh avlodga yetkazish muhim ekanini alohida ta’kidladilar.

Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilarda ilm-fanni yanada rivojlantirish, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga ilhom bag‘ishladi.