O’zbekistondagi Kasbiy Ta’lim Agentligi va Keymyung Kollej Universiteti granti doirasida universitetimiz bilan xamkorlik qiladi

08.03.2026

#Xalqaro hamkorlik

Joriy yilning 6-mart kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Koreya Respublikasining Keymyung Kollej Universiteti hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi vakillari o‘rtasida kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro loyiha doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Lee Sangseog, Keymyung Kollej Universiteti professori hamda LUPIC, Leading Universities Program for International Cooperation (Xalqaro hamkorlik uchun yetakchi universitetlar dasturi) xalqaro loyihasi koordinatori ishtirok etdi. Shuningdek, loyiha a’zosi, Go‘zal Eshchanova, “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti dotsenti ham delegatsiya tarkibida qatnashdi. Uchrashuvda Agentlik vakillari, jumladan Laylo Abdusattorovna ham ishtirok etdilar.

Muloqot davomida texnikum o‘qituvchilari va talabalari uchun xalqaro malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ularning professional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy kasbiy ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, loyiha doirasida tashkil etiladigan xalqaro treninglarda qatnashgan o‘qituvchi va talabalarga sertifikatlar berish, Koreyalik mutaxassislar tomonidan yaratilgan darsliklar hamda o‘quv materiallarini texnikumlarda qo‘llash va ulardan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

2024-2029-yillar davomida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida Mexatronika yo‘nalishini rivojlantirish hamda DEISC, Raqamli ta’lim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Loyiha zamonaviy ishlab chiqarish talablariga mos, robototexnika, aqlli ishlab chiqarish va tizimli boshqaruv sohalarida yuqori malakali texnik mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Mazkur uchrashuv kasb-hunar ta’limi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda texnikum ta’limining sifatini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.