Oʻzbekiston–Vengriya hamkorligi yangi bosqichda: Obuda universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv
02.03.2026
Samarqand
shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Uchinchi Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar
forumi arafasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy
Sharipov Vengriyaning Obuda universiteti rektori Levente Kovach bilan rasmiy
uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralarda ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma taʼlim
dasturlarini yoʻlga qoʻyish va akademik almashinuvni rivojlantirish masalalari
muhokama qilindi.
Shuningdek,
muhandislik yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy
tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim jarayoniga raqamli
texnologiyalar va sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish ustuvor
vazifalar sifatida belgilandi. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan qoʻshma
tashabbuslar, xususan texnopark va innovatsion loyihalar rivojiga alohida
eʼtibor qaratildi. Forum doirasida 20 dan ortiq universitetlararo kelishuvlarni
imzolash kutilayotgani qayd etildi.
Vazirlik uchrashuvidan soʻng – OTMlar bilan amaliy muloqot
Mazkur rasmiy uchrashuvdan soʻng Obuda
universiteti delegatsiyasining Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari vakillari
bilan alohida yigʻilishi tashkil etildi. Ushbu muloqot vazir bilan boʻlib
oʻtgan muzokaralarning mantiqiy davomi boʻldi.
Yigʻilishda
Obuda universiteti rektori Levente Kovach, xalqaro hamkorlik vakili Monica
Pogatsnik hamda universitet jamoasi aʼzolari ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston tomonidan 5 ta oliy taʼlim
muassasasi vakillari, jumladan:
· “Toshkent irrigatsiya va qishloq
xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot
universiteti
·
Islom
Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti
· Toshkent
kimyo-texnologiya instituti
·
Muhammad
al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
·
Toshkent
davlat iqtisodiyot universiteti oliygohlarning vakillari qatnashdilar.
Asosiy muhokama yoʻnalishlari
Uchrashuv davomida quyidagi masalalar yuzasidan
batafsil fikr almashildi:
·
Texnika yoʻnalishidagi talabalarni Obuda universitetida 1 yil muddatga
bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlarini yoʻlga
qoʻyish
·
Obuda
Universiteti xomiyligida Jizzax shaxrida
tashkil qilingan Science Park bazasida talabalar amaliyotini
tashkil etish
·
Muhandislik
ishlanmalari va startap loyihalarini birgalikda amalga oshirish
·
Qoʻshma taʼlim dasturlari va ikki diplomli yoʻnalishlarni joriy etish
Tomonlar,
ayniqsa, Jizzaxdagi innovatsion infratuzilma imkoniyatlaridan samarali
foydalanish va texnologiyalar transferini rivojlantirish masalasiga alohida
urgʻu berdilar.
Yigʻilishda
“TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universitetidan “Xalqaro bo’lim” boshlig’i Sherzod
Raxmonov va Obuda Universitet bilan yaqin xamkorlikda faoliyat
yuritayotgan “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti Go’zal Eshchanova
faol ishtirok etib, ikki tomonlama xamkorlikni yanada yaxshilash va o’zaro
talaba almashinuv bo’yicha takliflarini bildirdilar.
Uchrashuv
yakunida tomonlar aniq “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish, talabalar
almashinuvini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma ilmiy-amaliy
loyihalarni kengaytirish boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor
ekanliklarini tasdiqladilar.
Mazkur
muloqot Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni
yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.