Oʻzbekiston–Vengriya hamkorligi yangi bosqichda: Obuda universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv

02.03.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Uchinchi Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumi arafasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Vengriyaning Obuda universiteti rektori Levente Kovach bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralarda ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish va akademik almashinuvni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muhandislik yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan qoʻshma tashabbuslar, xususan texnopark va innovatsion loyihalar rivojiga alohida eʼtibor qaratildi. Forum doirasida 20 dan ortiq universitetlararo kelishuvlarni imzolash kutilayotgani qayd etildi.

Vazirlik uchrashuvidan soʻng – OTMlar bilan amaliy muloqot

Mazkur rasmiy uchrashuvdan soʻng Obuda universiteti delegatsiyasining Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan alohida yigʻilishi tashkil etildi. Ushbu muloqot vazir bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarning mantiqiy davomi boʻldi.

Yigʻilishda Obuda universiteti rektori Levente Kovach, xalqaro hamkorlik vakili Monica Pogatsnik hamda universitet jamoasi aʼzolari ishtirok etdilar.

Oʻzbekiston tomonidan 5 ta oliy taʼlim muassasasi vakillari, jumladan:

·  “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti

·  Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti

·  Toshkent kimyo-texnologiya instituti

·  Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

·  Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti oliygohlarning vakillari qatnashdilar.

 

Asosiy muhokama yoʻnalishlari

Uchrashuv davomida quyidagi masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi:

·  Texnika yoʻnalishidagi talabalarni Obuda universitetida 1 yil muddatga bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlarini yoʻlga qoʻyish

·  Obuda Universiteti xomiyligida Jizzax shaxrida  tashkil qilingan Science Park bazasida talabalar amaliyotini tashkil etish

·  Muhandislik ishlanmalari va startap loyihalarini birgalikda amalga oshirish

·  Qoʻshma taʼlim dasturlari va ikki diplomli yoʻnalishlarni joriy etish

Tomonlar, ayniqsa, Jizzaxdagi innovatsion infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish va texnologiyalar transferini rivojlantirish masalasiga alohida urgʻu berdilar.

Yigʻilishda “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universitetidan “Xalqaro bo’lim” boshlig’i Sherzod Raxmonov va Obuda Universitet bilan yaqin xamkorlikda faoliyat yuritayotgan “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti Go’zal Eshchanova faol ishtirok etib, ikki tomonlama xamkorlikni yanada yaxshilash va o’zaro talaba almashinuv bo’yicha takliflarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar aniq “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish, talabalar almashinuvini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma ilmiy-amaliy loyihalarni kengaytirish boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Mazkur muloqot Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.