“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida istiqbolli hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
01.03.2026
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mirolimjon Karimov, Webster University Dasturlar markazi ijrochi direktori Rasul Raxmonov, shuningdek, “Inverson Technologies” kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida universitet rektori, professor Bahodir Mirzayev mehmonlarni oliygohda so‘nggi yillarda yaratilgan zamonaviy moddiy-texnik baza, joriy etilgan innovatsion ta’lim dasturlari hamda erishilgan ilmiy yutuqlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Muzokaralar davomida quyidagi muhim yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi:
— Webster University (AQSH) bilan hamkorlikda suv xo‘jaligida MBA (Biznes boshqaruvi magistraturasi) dasturini tashkil etish;
— “Rubicon” kompaniyasi bilan suvni boshqarish texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish va talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini bevosita ushbu tizimlar negizida tashkil qilish;
— suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi obyektlarda raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash, ularning samaradorligi bo‘yicha universitet olimlari tomonidan ilmiy xulosalar berish hamda talabalarni ushbu jarayonlarga integratsiya qilish.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, sohani raqamlashtirish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasini belgilab oldilar. Mazkur hamkorlik kelishuvlari sohada zamonaviy boshqaruv va innovatsion texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.