“Yosh mexanik, modellashtiruvchilar” universitetlararo tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

01.03.2026

#Moliyaviy #Ta`lim #Tadqiqotlar


2026-yil 28-fevral kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetida Mirziyod Mirsaidov tashabbusi bilan Respublika oliy ta’lim muassasalarida “Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Respublikamizning 7 ta universitetida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yosh mexanik, modellashtiruvchilar” universitetlararo tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitetimiz rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, “Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishining sobiq bitiruvchilari hamda ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Xudoyorov Baxtiyor Alimovich ochib berdi. U o‘z nutqida yaqinda bo‘lib o‘tgan Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida belgilangan ustuvor vazifalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kun muhandislari nafaqat nazariy bilimga, balki kuchli amaliy ko‘nikma va raqobatbardosh salohiyatga ega bo‘lishi zarurligi, ilmiy g‘oyasi va innovatsion ishlanmasi bor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish muhimligini ta’kidlab, tanlov g‘oliblarini taqdirladi.

Tanlovda faol ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan quyidagi talabalar universitet rektorining 2026-yil 28-fevraldagi 192/t buyrug‘iga asosan sertifikat va bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan moddiy rag‘batlantirildi:

1.  Abduzirov Temurbek Islomiddin o‘g‘li — Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi (uch barobari).

2. To‘rayev Umrxon Muhammad o‘g‘li — Samarqand davlat universiteti talabasi (ikki barobari).

3. Ochilov Asadbek Bahodir o‘g‘li — O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi (bir barobari).

4. Abulqosimova Fozila Saidkarim qizi — O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi (yarim barobari).

5. Inomqulova Sarvinoz Abdurahim qizi — O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi (yarim barobari).

Qo‘shimcha ravishda tanlov g‘oliblari va ishtirokchilariga O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi esdalik sovg‘alari hamda Robotok muhandislar akademiyasi kurslarida to‘lovsiz o‘qish uchun vaucherlar topshirildi.

“Mexanika va kompyuterli modellashtirish” kafedrasi mudiri, professor Mirziyod Mirsaidov iqtidorli talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu universitetlararo tadbirning ahamiyati va mohiyati, talabalarni birlashtirish, ularning o‘quv jarayonidagi faolligini rivojlantirish, kelgusida Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘z kasbining ustasi, yaxshi dasturchi bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish zarurligi haqida fikr bildirdi.

Taklif etilgan hamkor tashkilotlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktor o‘rinbosari, katta ilmiy xodim Umarxonov Sa’dillaxon Ismatullayevich hamda ushbu institut laboratoriya mudiri, professor Usarov Mahamatali Qorabo‘yevich Respublika miqyosida mexanika va matematik modellashtirish sohasining rivoji, o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritib, yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun puxta bilim olishi zarurligini ta’kidladilar.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Mexanika va matematik modellashtirish” kafedrasi mudiri ushbu ta’lim yo‘nalishi Respublikamizdagi universitetlarda sanoqli ekanligini qayd etib, talabalarning salohiyatli va bilimli bo‘lishga intilishi zarurligini ta’kidladi.

Universitetimiz professori T. Mavlonov o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, shuningdek, universitetimizning jahon miqyosida egallagan o‘rni va yoshlarning ushbu nufuzga munosib, ma’naviyati yuksak kadr bo‘lib yetishishi zarurligi haqida fikr bildirdi.

Tadbirda, shuningdek, UzAvto MotorsTPNSUD-INEX ishlab chiqarish korxonalari hamda Robotok muhandislar akademiyasida faoliyat yuritayotgan sobiq bitiruvchilar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.

Tanlovda qatnashib taqdirlangan talabalar bugungi kunda olib borayotgan ilmiy ishlari bo‘yicha qisqa ma’ruzalar bilan chiqish qilib, ushbu ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni ham o‘z sohasi bo‘yicha faol bo‘lishga, ustozlar rahbarligida amaliyotda qo‘llaniladigan dolzarb muammolarni yechishda faol ishtirok etishga chorladilar.

Tanlov g‘oliblarini ushbu ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar ham o‘zlarining lirik qo‘shiqlari bilan tabrikladilar.

Tadbirning ikkinchi yarmida “TPNSU” ishlab chiqarish korxonasi muhandisi Normamatov Ro‘ziqul tomonidan “Mexanika masalalarini zamonaviy dasturlarda modellashtirish” mavzusida master-klass mashg‘uloti o‘tkazildi.

 

Universitet matbuot xizmati