O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tashabbusi bilan “Harbiy psixologiyani rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
28.02.2026
Tadbirda sohaning yetuk olimlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etib, harbiy psixologiyani zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Konferensiya doirasida ikki tomonlama hamkorlikni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini barqarorlashtirish hamda ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida universitetimiz rektori B.Mirzayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti rektori M.X.Rustambayev o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Imzolangan memorandum quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi:
— harbiy psixologiya va professional ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
— o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va psixologik texnologiyalarni joriy etish;
— professor-o‘qituvchilar hamda tadqiqotchilar almashinuvi orqali tajriba va malaka oshirish tizimini rivojlantirish;
— qo‘shma konferensiyalar, seminar-treninglar va mahorat darslarini tashkil etish;
— o‘quv-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va zamonaviy metodik qo‘llanmalar yaratish.
Konferensiyada Professional ta’lim kafedrasi mudiri D.I. Muqumova ham faol ishtirok etib, harbiy psixologiya sohasidagi mavjud muammolarni ilmiy jihatdan asoslab berdi va ularning amaliy yechimlariga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarni ilgari surdi.
Umuman olganda, mazkur ilmiy-amaliy anjuman yuqori saviyada tashkil etildi va imzolangan memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi, ta’lim sifati hamda ilmiy salohiyatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim strategik hujjat sifatida e’tirof etildi.