Dual ta’lim doirasida amaliy mashg‘ulotlar

28.02.2026

#Yangilik

Joriy yilning 27-fevral kuni “Dual ta’lim tizimini samarali joriy etish va ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish” maqsadida “Gidrologiya va gidrogeologiya” kafedrasi mudiri Ilxom Ro‘ziev hamda “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi mudiri Ilxom Begmatov tomonidan “Bo‘ka agroiqtisodiyot texnikumi” da o‘quv-amaliy darslar tashkil etildi.

Mazkur mashg‘ulotlar dual ta’lim konsepsiyasi asosida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish va sohadagi zamonaviy yondashuvlar bilan tanishtirishga qaratildi.

Dars jarayonida yer usti va yer osti suvlarining shakllanish xususiyatlari, gidrologik kuzatuv va monitoring usullari, sug‘orish tizimlarini samarali boshqarish, shuningdek, meliorativ holatni yaxshilashning ilmiy asoslari keng yoritildi. Shu bilan birga, talabalarga suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarning sho‘rlanish va botqoqlanish jarayonlarining oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mashg‘ulotlar davomida muammoli vaziyatlar asosida keys-tahlil usuli qo‘llanilib, talabalarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Amaliy hisob-kitoblar, xaritalar bilan ishlash va sug‘orish me’yorlarini belgilash bo‘yicha topshiriqlar bajarildi.

Ushbu tadbir ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Dual ta’limni izchil rivojlantirish orqali talabalarning amaliy tayyorgarligi, kasbiy mas’uliyati va sohaviy bilim darajini oshirishga erishilmoqda.

 "Professional taʼlim" kafedrasi mudiri D.I.Muqumova axboroti

Universitet matbuot xizmati