TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Yangi O‘zbekiston islohotlari va tarix falsafasining dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

28.02.2026

#Rektordan #Yangilik

Bugun 27 fevral kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Yangi O‘zbekiston islohotlari va tarix falsafasining dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yetuk olimlar, tadqiqotchilar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanni universitet rektori Mirzaev Bahodir Suyunovich ochib berdi. U o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va ma’naviy sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangicha tafakkur va dunyoqarash zarurati, shuningdek, inson kapitali, fan, ta’lim va innovatsiyalarning ustuvor ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. Shu bilan birga, tarix falsafasini bugungi avlod ongiga singdirish dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. 

Anjuman davomida Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonining tarixiy-falsafiy, ijtimoiy va ma’naviy jihatlariga bag‘ishlangan asosiy ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Profi University rektori, psixologiya fanlari doktori, professor Shoumarov G‘ayrat Baxromovich “Yangi O‘zbekiston psixologiyasining dolzarb masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori,tarix fanlari doktori, professor Hasanov Baxtiyor Vahapovich Yangi O‘zbekiston islohotlarini tarix falsafasi nuqtai nazaridan tahlil qildi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prizidenti huzuridagi Davlat siyosat va boshqaruv akademiyasi professori, sotsiologiya fanlari doktori Bekmuradov Mansur Bobomurodovich shukronalik tamoyilining ijtimoiy-ma’naviy ahamiyati haqida fikr bildirdi. Mirzo O‘lug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti dekani, siyosiy fanlar doktori, professor Muminov Alisher G‘afforovich mamlakat rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan global taraqqiyot modeliga to‘xtaldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Quronov Muhammadjon Prezident murojaatining proaktiv ma’naviyat metodologiyasi sifatidagi ahamiyatini yoritib berdi. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Gumanitar fanlar” kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori Nazarov Qiyom Normirzaevich esa Yangi O‘zbekistonning 2026 yil faoliyat dasturining innovatsion taraqqiyotdagi o‘rniga e’tibor qaratdi. 

Ilmiy-amaliy konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi va unda bildirilgan fikr hamda xulosalar Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida tarix va falsafa fanlarining muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.