Muborak yoshli onaxonlar bilan samimiy muloqot
24.02.2026
2026 - yil 24 - fevral kuni TIQXMMI MTUda pensioner onaxonlar bilan ochiq muloqot ruknida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbir universitet jamoasida ustozlarga ehtirom, avlodlar vorisligi va hayotiy tajribani qadrlash an’analarini mustahkamlash maqsadida o’tkazildi. Ushbu yig’ilishda professor-o’qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.
Universitet xotin-qizlar masalaalari bo’yicha rektor maslahatchisi U.Sangirova so’zga chiqib, bugungi davra suhbatining faxriy mehmoni — fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, ko’p yillar universitetning Fizika kafedrasida samarali faoliyat yuritgan Tashtanova Ma’mura opa bizning mehmonimiz bo’ldilar-deb tanishtirib o’tdi. Shundan so’ng M.Tashtanovaga so’z berildi. Tashtanova Ma’mura opa -o’zining mehnat faoliyati, ilmiy izlanishlari, talabalar bilan ishlash jarayonida orttirgan boy tajribasi hamda hayot saboqlari haqida samimiy suhbat qurdilar.

Ma’mura opa o’z so’zlarida ilm-fanga sadoqat, ustoz-shogird an’anasi va mehr-oqibatli muhit ta’lim sifatida muhim o’rin tutishini ta’kidladilar. Ayniqsa, ayol zotining jamiyatdagi o’rni, ilm va tarbiya uyg’unligi, sabr-toqat va matonat orqali katta yutuqlarga erishish mumkinligi haqidagi fikrlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Talabalar ustozga o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ilmiy faoliyat, pedagogik mahorat va hayotiy tajriba borasida qimmatli maslahatlar oldilar. Suhbat ochiq va samimiy ruhda o’tib, avlodlar o’rtasidagi ma’naviy bog’liqlikni yanada mustahkamladi.
Tadbir yakunida universitet rahbariyati tomonidan Ma’mura opaga uzoq yillik samarali mehnati, ilm-fan rivojiga qo’shgan hissasi va yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
Xotin-qizlar masalalari bo’yicha rektor maslahatchisi U. Sangirova axboroti
Universitet matbuot xizmati