“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitet rahbariyati Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida joylashgan “Agromax Technik” MCHJ korxonasida bo‘ldi.
22.02.2026
Tanishuv jarayonida oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari sohasida innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida korxona rahbariyati tomonidan “Agromax Technik” MCHJ faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, universitet talabalari uchun amaliyot o‘tash, dual ta’lim tizimini joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Universitet rektori o‘z nutqida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga davlat rahbari tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish, fermer va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, universitetning yosh olimlari tomonidan tegishli traktor rusumlarini hamkorlik asosida boshqaruvchisiz boshqariladigan shaklga keltirish, ularga zamonaviy intellektual boshqaruv tizimlarini o‘rnatish va ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish masalalari bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.