“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti delegatsiyasi bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
22.02.2026
Joriy yilning 21-fevral kuni M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti “Iqtisodiy va moliyaviy strategiyalar” kafedrasi mudiri, Rossiya fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, akademik V.L. Kvint boshchiligidagi delegatsiya “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi A.A. Abduhakimov hamrohlik qildi.
Tashrif doirasida mehmonlar universitetning tarix muzeyi bilan yaqindan tanishdilar hamda oliy ta’lim muassasasi faoliyati, ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot oldilar.
Shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida keng qamrovli uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida akademik V.L. Kvint “Strategiya nazariyasi va strategik rejalashtirish” mavzusida mazmunli ma’ruza qilib, strategik boshqaruvning zamonaviy yondashuvlari va global rivojlanish tendensiyalari haqida fikr bildirdi.
Tadbir yakunida akademik V.L. Kvintning ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi hissasi munosib e’tirof etildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.A. Sharipov tomonidan unga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rektori B.S. Mirzayev tomonidan akademik V.L. Kvintga universitetning “Faxriy professor” unvoni berildi.
Uchrashuv mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida xalqaro ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlash va strategik hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.