Senatorlar talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
04.02.2026
Joriy yilning 3-fevral kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Boshqaruv va Turizm” kafedrasi tashabbusi bilan, kafedra mudiri B.Shafkarov, katta o‘qituvchi X.Xujamkulova, assistent Z.Salomova va stajyor-o‘qituvchi M.Saidmurodova rahbarligida “Turizm” va “Statistika” yo‘nalishi talabalari ishtirokida parlament yuqori palatasi a’zolari bilan uchrashuv tashkil etilib, Senat faoliyati, qonun ijodkorligi hamda yoshlarni qiziqtirgan masalalarga bag‘ishlangan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida “Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi” raisi senator Tuychiyev Anvar Mirzaaxmedovich tomonidan talabalarga Senatning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, parlament yuqori palatasining vakolatlari, qonun ijodkorligi jarayonlari hamda qabul qilingan qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratining ayrim jihatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, dolzarb qonunlarni qabul qilish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash va ijro hokimiyati organlarining hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining ustuvor vazifalari ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birgalikda, talabalar Senat qo‘mitalari va devoni faoliyati, agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.
Uchrashuv yakunida Senatorlar bilan “TIQXMMI”MTU da bo‘lib o‘tadigan jamoaviy tadbirlarda ishtirok etishga va Yoshlar parlamenti faoliyati, qonunchilik tashabbuslari hamda jamoatchilik nazorati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng talqindagi ma’ruza tashkillashtirishga kelishildi.