Giyohvandlik – taraqqiyot kushandasi

03.02.2026

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Joriy yilning 2-fevral kuni universitet xotin-qizlar maslahat kengashi rejasi asosida “Energetika” fakulteti talaba-qizlari o‘rtasida “Giyohvandlik – taraqqiyot kushandasi” mavzusida suhbat o‘tkazildi. Davra suhbatida universitet profilaktika inspektori katta leytenant Bobur Jurayev, universitet psixologi Dilafruz Yusupovalar ishtirok etishdi. Ushbu suhbat xotin-qizlar o‘rtasida spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda iste’mol qilayotgan yoshlarning ko‘payishini oldini olish maqsadida o‘tkazildi.

  Profilaktika inspektori katta leytenant Bobur Jurayev tomonidan talaba-qizlarga giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar savdosining tobora avj olib borayotgani sababli barcha-barchamizni yanada sergak, yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatli va e’tiborli bo‘lishga qaratilgan fikr-mulohazalar bildirildi. Bildirilgan fikr-mulohazalarda dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan bir paytda, o‘smirlarni aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotgani, qanchadan-qancha oilalarning yostig‘ini quritayotgan giyohvandlikka qarshi har bir inson o‘zi kurashmog‘i, tashqi ta’sirlardan himoyalanmog‘i lozimligi haqida so‘z ketdi. Sog‘lom avlod o‘tmishi qadim, tuprog‘i oltin, osmoni musaffo O‘zbekistonning kelajak vorislaridir. Ularni mana shunday sog‘lom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraklariga joylab voyaga yetkazaylikki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar o‘pqoni ularni o‘ziga jalb qila olmasin.

  Davra suhbati davomida universitet psixologi D.Yusupova so‘zga chiqib, talabalarni ijobiy va teran fikrlashga undovchi psixologik-trening o‘tkazdi. Psixologik mashqlar orqali talabalar o‘zlarini qaytadan kashf etishdi. Bugungi treningdan ular ma’lum ma’noda salbiy xarakterlardan xalos bo‘lish sirlarini o‘rganishdi.

  O‘tkazilgan suhbat talabalarga manzur bo‘lib, o‘zlarining ijobiy fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi Ch.Oxunboboeva axboroti

Universitet matbuot xizmati