Xalqaro seminarda universitet vakillari ishtirok etdi

29.01.2026

#Xalqaro hamkorlik #Yangilik

  2026-yil 26–28-yanvar kunlari Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi (IK MFSA) tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

  Mazkur seminarda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetidan Gidromelioratsiya fakulteti dekani J. Ishchanov va Yer resurslari va kadastr fakulteti dekani A. Inamov ishtirok etdilar.

  Seminar Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) grant mablag‘lari asosida amalga oshirilayotgan “Sirdaryo daryo havzasi hududida gidromodul rayonlashtirishni masofadan zondlash va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari asosida xaritalash usulini takomillashtirish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.

  Seminar davomida Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlarida suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘orish rejimlarini takomillashtirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida gidromodul rayonlashtirishni yangilash, masofadan zondlash ma’lumotlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

  Tadbirda professor M.Hamidov rahbarligidagi loyiha doirasida universitet olimlari tomonidan O‘zbekistonda gidromodul rayonlashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari va yaratilgan innovatsion metodika yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Unda GIS texnologiyalari yordamida yaratilgan elektron raqamli xaritalar namoyish etildi.

  Ushbu tadqiqot natijalari ishtirokchilar tomonidan yuqori baholanib, ikki davlat o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.