“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
28.12.2025
Dastlab, 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor masalalar asosida universitet jamoasi oldiga qo‘yilgan vazifalar aniq belgilab olindi.
Tadbir davomida Universitet rektori Bahodir Mirzayev tomonidagi 2025-yilda amalga oshirilgan talim-tarbiya, ilm-fan, xalqaro va innovatsion faoliyat natijalari sarhisob qilindi va muhim ko‘rsatkichlar jamoaga taqdim etildi.
Unda universitetning xalqaro maydondagi nufuzi va reytinglardagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Jumladan, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti QS World University Rankings 2026 reytingida dunyo universitetlari orasida 469-o‘rinni, THE World University Rankings reytingida esa 501-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, THE Interdisciplinary Science Rankings natijalariga ko‘ra universitet dunyo miqyosida 150-o‘rin, Markaziy Osiyo va O‘zbekiston universitetlari orasida esa yetakchi o‘rinlarni qayd etdi.
Shu o‘rinda universitetning zaif va engikuchli tomonlari chuqur tahlil qilib berildi.
Shu bilan birga, 2025-yil yakunlariga ko‘ra universitetning ilmiy va innovatsion faoliyati raqamli ko‘rsatkichlarda ham o‘z aksini topdi. Xususan, Scopus va Web of Science referativ jurnallar bazasida 900 ta ilmiy maqola chop etilgan bo‘lib, shundan 458 tasi Q1 va Q2 kvartalli nufuzli jurnallarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda 479 ta maqola e’lon qilindi.
Bundan tashqari, yil davomida 72 ta monografiya nashr etilib, 20 ta ixtiro va foydali model bo‘yicha patentlar olindi hamda 150 ta kompyuter dasturi va boshqa materiallar uchun mualliflik guvohnomalari rasmiylashtirildi. Ta’lim jarayonini takomillashtirish maqsadida 194 ta o‘quv adabiyoti, jumladan 66 ta darslik va 128 ta o‘quv qo‘llanma yaratildi.
Shuningdek, grantlar va xo‘jalik shartnomalari doirasida 29 ta xalqaro grant hamda 26 ta davlat granti va xo‘jalik shartnomasi amalga oshirildi.
2025-yil davomida universitetning xalqaro salohiyatini oshirish maqsadida xorijda ta’lim olgan va ilmiy faoliyat yuritgan tajribali mutaxassislar universitetga doimiy shtatga ishga qabul qilindi. Jumladan, Nobel mukofoti laureati, professor Xenrikus Baltazar Josef Leyemans universitetda faoliyat olib borishga jalb etildi.
Bundan tashqari, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Avstriya, Vengriya, Malayziya, Xitoy, BAA kabi davlatlarida ta’lim olgan va ilmiy-tadqiqot tajribasiga ega bo‘lgan vatandoshlar universitet jamoasiga qo‘shildi. Ushbu ustozlar universitetda sifatli ta’lim va ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida universitetning 2025–2030-2035-yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish yaqin, o‘rta va uzoq strategiyasi taqdim etildi. Ushbu strategiya universitet faoliyatini transformatsiya qilish, uni xalqaro maydonda raqobatbardosh, birinchi toifali universitet darajasiga olib chiqishni ko‘zda tutadi.
Strategiya doirasida 2030-yilga qadar universitetning QS va THE xalqaro reytinglarida TOP-300, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida TOP-50 universitetlar qatoriga kirishi, shuningdek, kafedralarni fan sohalari bo‘yicha xalqaro reytinglarda TOP-100 ro‘yxatidan joy olishi maqsad qilib belgilandi.
Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida ularni sohalar bo‘yicha sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar asosida tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, universitetda ta’lim klasteri (maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim va malaka oshirishgacha)ni qamrab olgan uzviy boshqaruv tizimini shakllantirish rejalashtirilgan.
Xalqarolashuv yo‘nalishida Hindiston, Nepal, Shri-Lanka, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr, BAA, Xitoy hamda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarini ta’lim jarayoniga jalb qilish, ular uchun qulay akademik va ijtimoiy sharoitlar yaratish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, universitetni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Raqamli universitet” modelini joriy etish, xavfsiz hudud va zamonaviy ta’lim muhitini yaratish talatilar+resurslar+samarali boshqaruv tamoyili asosida ustuvor vazifalar belgilab berildi.