Iqtidor e’tirof etilgan, g‘alaba nishonlangan kun!
24.12.2025
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Iqtidorli talabalarni taqdirlash marosimi – 2025” marosimi yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitet hayotida yil davomida fidokorona mehnat qilgan, turli sohalarda yuksak natijalarga erishgan talabalarni e’tirof etish va rag‘batlantirishga bag‘ishlandi.
Marosimda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rektori, professor Baxodir Mirzayev boshchiligida universitet rahbariyati a’zolari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Tadbir davomida rektor tomonidan har bir yo‘nalishda o‘zini namoyon qilgan talabalar alohida e’tirof etilib, ularga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda “Eng yaxshi g‘oya” va “Eng yaxshi loyiha" innovatsion tanlovining final bosqichida 80 dan oshiq yoshlar, innovator va ixtirochilar 1 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandilar. Bu esa o‘z navbatida yoshlarga ham moddiy rag‘bat, ham ularning innovatsion loyihalariga boshlang‘ich sarmoyadir.
«Biz bundan buyon ushbu tashabbuslarni faqat yil yakunida emas, balki o‘zining ixtirosi, loyihasi va innovatsion g‘oyasiga ega bo‘lgan yoshlarimizni har mavsum, har chorakda munosib rag‘batlantirib borishni maqsad qilganmiz», — deya ta’kidladi rektor tadbir davomida.
Shuningdek:
- — “Yil talabasi” ko‘rik-tanlovining universitet bosqichi g‘oliblari;
- — Xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘oliblari;
- — “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining maxsus Abdulla Oripov stipendiyasi sohiblari;
- — shuningdek, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy, ijodiy va innovatsion tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar munosib taqdirlandilar.
Mazkur marosim nafaqat yutuqlarni e’tirof etish, balki talabalarni yangi marralar sari ilhomlantirish, ilm-fan, ijod va innovatsiya yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.